Ishonch telefonlari:
(0375) 652-18-58
(0375) 652-14-65
Imkoniyati
cheklanganlar
» » Har kuningiz Navro‘z bo‘lsin!
06
апрель
2018

Har kuningiz Navro‘z bo‘lsin!

Har kuningiz Navro‘z bo‘lsin!
Keldi Navro‘z - aziz Yilboshi,
Amr etdi ulug‘ Elboshi:
«Sayl aylab xalq etsin huzur!»
Fuqarolar bundan shod erur.
Ha, Prezidentimiz xalqimizning dunyo bilan teng¬dosh bo‘l¬gan tabarruk va aziz bayrami - Nav¬ro‘zi olamni xalq sayllari tarzida, ko‘tarinki kayfiyatda va jo‘shqin ruhiyat bilan mamlakatimiz bo‘ylab hamma joyda nishonlash yuzasidan joriy yilning 23 fevraldagi «2018 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarori ko‘hna va navqiron, umrboqiy ayyomga yanada maftunkorlik baxsh etdi desak, aslo xato bo‘lmaydi. Ko‘klam nafasi kezib yurgan ayni ana shunday shukuhli damlarda tumanimiz ahli tomonidan Obod qishlog‘idagi “Sangartepa” kengliklarida «Har kuningiz Navro‘z bo‘lsin!» shiori ostida o‘tkazilgan Navro‘zi olam shodiyonalari ham barchaga bir olam quvonch ulashdi.
Keng yaylovdan iborat bo‘lgan muazzam maydonning atrofida turfa ranglardagi bayroqchalar hilpirashi, ulkan havo sharlari mayin epkinda tebranishi qalblarda bahoriy intiqlik uyg‘otdi. Ertalabdan maydon uzra karnay-surnay va nog‘oralar sadosi yangragani, jarchilarning bayram boshlanganidan darak beruvchi chorlovi tantana ishtirokchilari oqimini ko‘paytirdi.
Azaliy va abadiy an’analar, milliy qadriyatlar, chinakam ezgu fazilatlar boqiy meros sifatida xalqimiz hayotini hamisha bezab kelgan. Ulug‘likka daxldor bu meros namunalari Navro‘z bayramiga ham alohida tarovat in’om etadi. Navro‘z arafasida hamma joyda obodonlikka qo‘l uriladi. Binolar, ko‘chalar, suv inshootlari, bog‘- rog‘, dala-dasht hamma-hammasi bunyodkorlik tufayli chiroy ochadi. Bu borada umumxalq hasharlarining o‘rni nihoyatda beqiyos.
Navro‘z - mehr-oqibat, ezgulik va saxovat bayrami. Bu ayyom arafasida yoshi keksalar, bemorlar, yetim-yesirlar holidan xabar olish, turli xildagi o‘zaro gina-gudratlardan voz kechish kabi xislatlar odamlarimizning qoniga singib ketgan oliy fazilatdir. Ana shunday ro‘shnolik, shodlik bayramini birgalikda katta sayl, jozibador tantana qilmay bo‘ladimi?!
Tuman hokimi Ravshan Komilov tashabbusi bilan oradan yana 364 kun o‘tib Obod qishlog‘ining «Sangartepa» kengliklari ikkinchi bor Navro‘z sayllari o‘tkaziladigan manzil sifatida tanlandi.
KUNDAN KUN YAXSHI
O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov ijrosidagi vatanimiz chiroyi, xalqimiz farovonligi haqida kuylangan ashulalardan birida «kundan kun yaxshi» so‘zlari avj olib, yurtimizdagi o‘sish va o‘zgarishlar jo‘shqinlik bilan tarannum etiladi. Ha, haqiqatan ham diyorimiz chiroy ochgan holda, bunyodkor xalqimiz farovonligi ortib, hayot tarzimiz kundan kun ravnaq topmoqda. Bu esa qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar shodasida ham yaqqol namoyon bo‘layapti. Turli sohalarda o‘ziga xos zafarlarni qo‘lga kiritgan tuman ahli, tashabbuskor hokim boshchiligida nishonlayotgan har bitta bayram bir-biridan qiziqarli va jozibali bo‘lib borayotgani ham elni mamnunligini oshirayotir.
E’tibor bergan bo‘lsangiz, joriy yilgi Navro‘z sayli uchun o‘tgan yilgidan-da yaxshiroq taraddud ko‘rilgani saylgoh manzarasidan ham sezilib turdi. Har bitta qishloqning urf-odatlari, qadim qadriyatlari asosida bezatilgan o‘tovlar oldida pishirilayotan turli xildagi milliy taomlardan taralayotgan xushbo‘y hid dimoqlarni qitiqlaydi. O‘tovlarda bezatilgan dasturxondagi ko‘ksomsa, ismaloq pechak, patir, ishliki kabi bahoriy pishiriqlar, kochi, kabob, go‘mma, sumalak, yorma, halim singari milliy taomlardan tanovul qilib, turfa millatga mansub insonlar bilan suhbatlashib aslo to‘ymaysan kishi.
TURFA MILLAT JAM BO‘LIB...
Vatanimizda turli elatlar, millatlararo totuvlikka dunyo ahli tahsin aytadi. Xalqimizning bag‘rikengligi, davlatimizdagi qonunlar ustuvorligi va eng asosiysi, turmushimizning tinch va farovonligi bois butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi tumanimizda ham turli millat vakillari baxtiyor hayot kechirishayotir.
Navro‘z saylida ham o‘z milliy liboslarida, jarangdor qo‘¬shiq va yallalari bilan alohida-alohida jamoa bo‘lib ishtirok etgan o‘zbek, tojik, turkman, arablar vakillari bayramga o‘zgacha husn va ko‘rk baxsh etishdi.
Milliy o‘yin o‘ynayotgan bolajonlar, raqs tushib qo‘shiq aytayotgan folklor jamoalarining chiqishlari barchaning e’tiborini tortdi. Orzulari osmonga uchirgan varraklaridanda balandga parvoz etgan bolakaylarning qiyqirig‘i samoni tutdi. Arqon tortish, chillak, beshtosh o‘yinlaridan kattalar ham yoshlar bilan birdek zavqlanishdi. Sumalak pishirayotgan xotin-qizlar davrasi ham topishmoq, matal va o‘lanlar bilan qizigandan qizidi.
SAN’AT SEHRI SAYLGOHGA SAYQAL BERDI
Xalqimiz orasida Odam atoga Alloh jon in’om etayotganida sehrli ohangdan foydalangani to‘g‘risidagi rivoyat bor. Balki rostdirki, inson musiqani jonu dildan sevib tinglaydi. Shu bois bo‘lsa kerak, to‘y va tantanalar kuy va qo‘shiqsiz o‘tmaydi. Mirishkorliklarning bugalgi Navro‘z saylini ham karnay surnay navolari boshlab berdi. Davra markazida bezatilgan bosh sahna oldi olomon bilan gavjum bo‘lib, olqishu qiyqiriqlar odamni ohang-rabodek shu sahna sari tortaveradi. San’at sehriga shaydo bo‘lib, davradan davraga ko‘chganingni ham bilmay qolasan. To‘g‘rida, bir gal sahnada «Nihol» mukofoti sovrindorlari Shahnoza Otaboyeva hamda Janob Rasul ijrosidagi ohanglar, sal o‘tmay Qashqadaryo vohasi bulbuli deb nom olgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Oygul Xalilova, «Shuhrat» medali sohibi Umurzoq Quvvatov hamda sevimli xonanda Begzod O‘aqqiyev ahli bayramni lol qilib, qo‘shiq kuylashganida olomon olqishi olamni tutdi. Konsert dasturini olib borgan elimizning yana bir sevimli aktrisasi Nargiza Abdullayeva galma-galdan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Fatxulla Ma’sudov va Og‘abek Sobirov, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Xalq artisti Yodgor Sadiyev hamda so‘z ustasi, el suygan qiziqchi Avaz Oxunga navbat berganida ishqibozlar quvonchi osmon qadar to‘lib toshdi.
“MIRISHKORDAN BOSHLANAR BAHOR”
Tabiat qonuni shunday yaralganki, odam bolasi tug‘ilganidan boshlab, bahor kurtaklari singari tiriklikka, yashashga intiladi. Azaliy va abadiy, qadimiy va navqiron - Navro‘z ana shu xislatlarni o‘zida mujassam etgan, ilohiy mazmun-mohiyatga ega ayyomdir. Bahor elchisi - boychechak ochilishi bilan joylarda obodonchilik-ko‘kalamzorlashtirish, ekin-tikin ishlari avjiga chiqadi. Kimdir yon-atrofni saranjom-sarishta qilsa, boshqa birov farzandlariyu nabiralarini yoniga olib ko‘chat o‘tqazadi. Bemorlar holidan xabar olinadi. Bularning bari o‘zbekona xislat sanaladi.
Qaysidir ijodkorning “Mirishkordan boshlanar bahor”, deya bitilgan satrlarini o‘qigandik. Haqiqatan ham bu yil Qashqadaryo vohasiga ko‘klamning ilk nafasi dastlab Mirishkorning azim cho‘l etaklaridan oshib keldi, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Ko‘pchilik yaxshi biladi, joriy yil fevral oyidan boshlab “Mirishkor” massivida 80 gektarga salat uchun mo‘ljallangan eksportbop karam ko‘chatlari ekilib, hozirda barq urib o‘smoqda. Yoki tumanda ilg‘or fermer xo‘jaliklari negizida mart oyidan boshlab achchiq qalampir ko‘chatlari ekish qizg`in davom etmoqda. Ekiladigan achchiq qalampir ko‘chatlari 40-45 kunlik, 8-10 bargli, poyasi va ildizlari durkun rivojlangan, barglari to‘q yashil tusda, sog`lom o‘sayotganini ko‘rgan ko‘z quvnaydi. Shirin orzularni maqsad qilib ekilgan achchiq qalampir o‘ziga xos o‘simlik bo‘lib, uni mevasini ko‘kligida ham, qizarganida ham iste’mol qilish mumkin. Qolaversa, joylarda allaqachon sabzavot, poliz ekinlari va kartoshka ekish ham avjiga mingan. Umuman olganda, barcha jabhada bunyodkorlik ishlari jadal davom etayapti. Hatto, 14 mart kuni Chamanzor qishlog‘ida faoliyat yurituvchi “Samir Ashirboyevich” fermer xo‘jaligi ixtiyorida bo‘lgan 40 gektardagi maydonga yaxshi niyat bilan “Buxoro-6“ nav chigit urug‘ini qadashga kirishildi.
TURLI TUMAN XALQ O‘YINI - QIZITDI ELNING TO‘YINI
Xalq o‘yinlari hamisha bayramlarga ko‘tarinkilik baxsh etib kelganiga ko‘p bora guvoh bo‘lganmiz. Bu gal ham doimiy an’ana yana takrorlandi.
Shahrisabzlik dorbozlarning hayratomuz chiqishlari yoshu qarining qalbini birdek to‘lqinlantirdi. Osmono‘par dor ustidagi o‘yinlar, janglar va akrobatlar hamda polvonlar ko‘rsatgan tomoshalar, masqarabozlik san’ati el ko‘nglini shod etdi. Ayniqsa dehqonobodlik chaqqon polvon Alovuddin Axmedovning noodatiy chiqishlarini kuzatgan ishqibozlar hayratda qolishdi.
Ko‘pkari - mardlar o‘yini. Uloq chopishni har kim ham eplayvermaydi. «Otga zo‘rlik qilgan polvon uloq chopadi», degan naql ham bejizga aytilmagan.
-66 yoshdaman. Mana ikki yildirki Dehqonobod tumanidan mirishkorliklarning Navro‘z sayliga kelayapman. To‘g‘risi, tuman hokimi Ravshan Komilovning tashabbuskorligiga tahsin aytaman. Bunaqangi bayramda keksalar ham yosharib ketadi, - deydi keksa chovandoz A’zamxon Fayzullayev.
Ha, otlar dupuri olamni tutib «Sangartepa»da uyushtirilgan Navro‘z saylida zo‘r uloq tortishuv bo‘ldi. Yakkabog`, Dehqonobod, Kasbi, Koson, Nishon, Muborak tumanlaridan tashrif buyurgan alplar bilan tumanimiz chavandozlari ham munosib bahslashishdi. A’zamxon polvon «Tamba» va «Grand», Bunyod polvon «Raketa», Oybek polvon «Merlin», Akmal polvon «Qoraqush» laqabli tulporlari bilan musobaqa shijoatini yanada oshirishdi. o‘oliblar tuman hokimligi tomonidan qo‘yilgan zot va sov0alarni halollab ayirishdi.
TO‘Y USTIGA TO‘Y BO‘LDI
Xalqimizda yaxshi odat ko‘p. Navro‘z saylining bosh sahnasida tabrik uchun so‘z olgan tuman hokimi Ravshan Komilov barchani umrboqiy ayyom bilan samimiy qutlagach, davraga tuman hokimligi homiyligida nikoh to‘y¬lari nishonlanayotgan olti juft kelin-kuyovlar hamda 46 nafar sunnat to‘y¬lari o‘tayotgan bolajonlar taklif etildi. Karnay-surnay sadolari ostida yuzlarida tabassum, qalblarida quvonch limmo-lim kelin-kuyovlar va shahzodalardek kiyingan to‘y bolalar kirib kelganida davra ahli tahsinlar aytdi.
Shu kuni doshqozonlarda pishgan osh va sumalaklar el taniga darmon bo‘ldi.
Bir tomonda yosh sportchilar voleybol musobaqalariga kirishib ketishdi. Yana bir tomonda mahalla polvonlari arqon tortish musobaqalarida o‘zaro kuch sinashishdi. Vohamizning turli go‘shalaridan bayramga tashrif buyurgan mehmonlar tumandoshlarimizning shodliklariga sherik bo‘lib, ularga havas qilgani aniq. Chunki bu narsa mahallalar tomonidan did bilan bezatilgan o‘tovlardagi noz-ne’amt to‘la dasturxonlar atrofidagi gurunglarda mehmonlar tomonidan bot-bot takrorlanib turdi.
Eh-he, aytaversak ta’rifu tavsifi ado bo‘lmaydi. Xalq shodlikdan jo‘shib yayradi. Shunday kunning sadaQasi ketsang arziydi. Ahil va olijanob, mehmondo‘st va mehnatkash xalqimizning baxtiyorligiga aslo ko‘z tegmasin!
G‘. OMONOV, Z.KARAMATOV

Похожие публикации:

Hokimiyat haqida
-----------------------------------

-----------------------------
Power by: Maxmaniyozov Suxrob & Jasur Habibullayev ©2018